TOSHKENT, 19 iyul – Sputnik. UzCard terminallari xaridni bekor qilib pulni kartaga qaytarish imkoniga ega boʻldi, deb xabar qilmoqda Yagona protsessing markazi.
Markaz mutaxassilari tomonidan ishlab chiqilgan yangi dastur barcha POS terminallarda “Tranzaktsiyani bekor qilish” funktsiyasini ishga tushiradi. Uning yordamida terminalda amalga oshirilgan xato tranzaktsiyalarni hamda isteʼmolchi mahsulotni qaytarilganda, toʻlovlarni bekor qilish imkoni paydo boʻldi.
Uzcard kartalari uchun “Tranzaktsiyani bekor qilish” operatsiyasidan xarid amalga oshirilgan vaqtdan boshlab kun oxirigacha amalga oshirilishi mumkin.
UnionPay va MasterCard xalqaro plastik kartalar uchun esa, “Tranzaktsiyani bekor qilish” operatsiyasi “Hisob-kitobni tekshirish” funktsiyasi amalga oshirilguniga qadar, yaʼni soat 16:00gacha amalga oshirilishi mumkin.
Toʻlovni bekor qilish uchun chek kerak boʻladi. Mablagʻlar kartaga shu zahotiyoq qaytariladi.
Yangi dasturni oʻrnatish uchun savdo nuqtasi vakillari oʻz banklariga murojaat qilishlari kerak boʻladi. U yerda yangi dastur bir necha daqiqa ichida oʻrnatib beriladi.