O‘zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva vafot etdi

Obuna bo‘lish
Siyosatxon Abdullayeva paxtachilikda o‘ziga xos “Andijon maktabi”ni yaratgan mirishkor dehqonlardan biri edi.

TOShKENT, 27-iyul – Sputnik. Taniqli paxtakor, usta dehqon, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, O‘zbekiston Qahramoni Siyosatxon Abdullayeva 2018-yil 27-iyul kuni 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda “xs.uz” xabar bermoqda.

Siyosatxon Abdullayeva 1940-yil 5-noyabrda Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanida tug‘ilgan. Andijon Paxtachilik institutini tamomlagan.

O‘z mehnat faoliyatini 1959-yilda Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi ishchisi sifatida boshlagan. 1972 — 1978-yillar Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi bolalar bog‘chasi tarbiyachisi, 1978 — 2006-yillar Oltinko‘l tumanidagi “Namuna” shirkat xo‘jaligi pudratchisi sifatida mehnat qildi.

2006 yildan shu kungacha Oltinko‘l tumanidagi “Oltinko‘l vodiy gulshani” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib keldi.

Siyosatxon Abdullayeva paxtachilikda o‘ziga xos “Andijon maktabi”ni yaratgan mirishkor dehqonlardan biri edi. U o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida ko‘plab yoshlarni tarbiyalagan mutaxassis, paxta ilmining ustasi, dehqonchilikda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan olim sifatida namoyon qildi.

Siyosatxon Abdullayeva 2005-yilda “Do‘stlik” ordeni, 2008-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Yangiliklar lentasi
0