TOSHKENT, 1 avg - Sputnik. 2018 yil 1 avgustdan ayrim soha vakillarining ish haqlari oshiriladi, deb xabar qildi telegramdagi huquqiy-axborot kanali.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdori 2 baravar oshiriladi.
Bundan tashqari “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga binoan belgilangan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga oylik ish haqini oshirish boʻyicha belgilangan normalar ham bugundan kuchga kiradi.
2018 yil 1 avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllaniladi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida jamoat tartibini taʼminlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga ham lavozim maoshining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi ham kuchga kirdi.
Buning uchun mazkur xodimlar patrullik hududida ogʻir va oʻta oʻgʻir jinoyatlarga bevosita chek qoʻyishi, ularni aniqlashi, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlashi lozim.