TOSHKENT, 1 avg – Sputnik. 1 avgustdan GM Uzbekistan avtomobillari narxi oshmaydi, deb xabar berdi "Oʻzavtosanoat" axborot xizmati.
"GM Uzbekistan” AJ avtomobillari narxlari oʻzgarmadi. Xalqaro press-klubning 30 iyulda boʻlib oʻtgan sessiyasida muhokama qilingan avtomobillar narxi masalasi bugungi kunda tegishli tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikda ushbu masalaning ijobiy va salbiy jihatlari hisobga olingan holda har tomonlama oʻrganib chiqilmoqda", – deyilgan kompaniya tomonidan.

"Oʻzavtosanoat" axborot xizmati shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillar narxi haqida tarqalgan maʼlumot va prays-listlar haqiqiy emasligini maʼlum qilgan.
Eslatib oʻtamiz, "Oʻzavtosanoat" AK boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov dushanba kuni boʻlib oʻtgan Xalqaro press-klub sessiyasida mahalliy avtomobillar narxlari 1 avgustdan 14%ga oshirilishini maʼlum qilgandi.