TOSHKENT, 5 avg — Sputnik. “Oʻzbekkontsert” davlat muassasasi toʻylarda ijro etish tavsiya qilinadigan qoʻshiqlar roʻyxatini tuzishga qaror qilgan. Bu haqida muassasa axborot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishiga koʻra, ijro etish tavsiya etiladigan qoʻshiqlar roʻyxatini tuzishda barcha fuqarolar ishtirok etishi mumkin. "Oʻzbekkontsert" takliflarni sayt yoki telefon orqali qabul qilishga tayyor.
"Aziz yurtdoshlar! “Oʻzbekkontsert” davlat muassasasi tomonidan toʻy-hashamlarda kuylanadigan qoʻshiqlar boʻyicha tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan maxsus yoʻriqnoma ishlab chiqilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu borada sizning takliflaringiz muhim ahamiyatga ega. Siz toʻy-hashamlarda qaysi yoʻnalishda va qanday ijro uslubida kuylangan qoʻshiqlarni tinglashni istaysiz? Ushbu soʻrovnoma boʻyicha oʻz takliflaringizni uzbekkonsert.xm@umail.uz yoki +998951942323 telefon raqamiga ochilgan telegram messenjeriga yuborishingizni soʻraymiz", - deyilgan xabarda.
Biroz oldin “Oʻzbekkontsert” toʻylarga taklif qilish tavsiya etiladigan xonandalar roʻyxati va narxlarini eʼlon qilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, yuqorida keltirilgan choralar Oʻzbekistonda aholi orasida toʻylar uchun ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish, ularni kamtarona ravishda oʻtkazishni targʻib qilish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.