Andijonda MIB inspektoriga pichoq bilan hujum qilindi

Obuna bo‘lish
2018 yil 1-avgust holatiga ko‘ra, MIBning 96 nafar xodimiga tajovuz qilingan.

TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Majburiy ijro burosi xodimlari o‘z xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida energiya resurslaridan keragicha foydalanib, pulini to‘lashga kelganda tajovuzkor munosabatda bo‘layotgan fuqarolarga ham duch kelishmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura multimedia markazi video lavha tayyorlagan.

Mana shunday noxush holatlardan biri joriy yilning 19-iyul kuni Majburiy ijro burosining Andijon tuman bo‘limi davlat inspektori Bahrom Hakimqulov bilan sodir bo‘ldi. Buro xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida tumanning “Navro‘z” MFY Mehnat ko‘chasi, 52-xonadonda yashovchi Oxunovning elektr energiyasidan 650 ming so‘mlik qarzi borligini aniqlashadi.

Davlat inspektorlari tomonidan xonadon sohibiga mavjud qarzdorlikni to‘lab qo‘yishi uchun belgilangan tartibda talabnoma rasmiylashtiriladi.

Xonadon egasi esa uning bir nusxasiga imzo chekishdan bosh tortib, janjal ko‘taradi. 650 ming so‘mlik qarzini to‘lab qo‘yish o‘rniga davlat inspektorining talabnomani rasmiylashtirayotganidan foydalanib, oshxonasidan pichoq ko‘tarib chiqib, davlat inspektorining qorin hamda bel qismiga ikki marta pichoq uradi. Majburiy ijro burosining shu joyda bo‘lgan yana bir inspektori Azimov yordamga keladi va hamkasbini himoya qiladi.

27 yoshga kirgan Yodgor Oxunov oilali, 2 nafar farzandning otasi bo‘la turib, biror bir foydali ish bilan shug‘ullanmasdan shu jinoyatga qo‘l urgan. Xizmat vazifasini bajarayotgan davlat inspektoriga nisbatan sodir etgan tajovuzi uchun Oxunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Lavhada qayd etilishicha, 2018-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, MIBning 96 nafar xodimiga tajovuz qilingan.

Yangiliklar lentasi
0