TOSHKENT, 17 okt – Sputnik. Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 16 sentyabrda “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning miqdor normalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 828-son qarori qabul qilindi.
Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabariga koʻra, ushbu hujjat bilan Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi 463-son qaroriga tegishli oʻzgartirish kiritildi.
Yaʼni, endilikda Oʻzbekiston Davlat chegarasining avtoyoʻl (yoʻlovchi), temir yoʻl va daryo oʻtkazish punktlari orqali bojxona toʻlovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib oʻtishning davriyligi oʻzgardi.
Roʻyxatdan oʻrin olgan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlarni endilikda har 6 oyda chegarani birinchi marotaba kesib oʻtayotganda faqat 1 donadan olib kirish mumkin.
Boshqa turdagi tovarlarni esa 1 kalendar oyda 1 marotaba har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha (boʻlinmaydigan tovarlar bundan mustasno) olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy ogʻirligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.