Toshkent aeroportida yashirincha olib kirilayotgan o‘q-dorilar aniqlandi

Obuna bo‘lish
Hozirda ushbu o‘q-dorilar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Turkiya va Rossiyadan kelgan yo‘lovchilariga tegishli bo‘lgan yuklar orasida o‘q-dorilar borligi aniqlandi, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, “Istanbul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro A.F.ning bojxona nazoratidan yashil yo‘lak orqali o‘tayotib, bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg‘otdi.

Shundan so‘ng unga tegishli bagaj nazorat-rentgen apparati ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuklar orasida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 35 dona travmatik qurol o‘qlari yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Shuningdek, “Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan K.D. ismli shaxs ham o‘zi bilan 1 dona 12 mm. kalibrli patronni noqonuniy ravishda olib kirayotgan paytida to‘xtatib qolindi.

Hozirda ushbu o‘q-dorilar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan va mazkur holatlar yuzasida bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0