TOSHKENT, 24 okt - Sputnik. Departamentning Buxoro viloyati Romitan tuman boʻlimi xodimlari tomonidan Inspektsiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. Bosh prokuratura xabariga asosan.
Unda Shofirkon tumanidagi “A” fermer xoʻjaligi traktor haydovchisi T.Q. fermer xoʻjaligi mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirib, tirkama ogʻirligini sunʼiy ravishda oshirib, haqiqatda topshirilmagan 1,6 mln. soʻmlik 460 kg. paxtaning ortiqcha hisoblab yozilishiga erishgan.
Shuningdek, tadbirda “A” fermer xoʻjaligi mansabdor shaxslari tirkama ogʻirligini sunʼiy ravishda oshirish yoʻli bilan 2018 yilgi paxta hosilidan aslida topshirilmagan jami 21,4 mln. soʻmlik 4236 kg. paxta xom ashyosini “Shofirkon paxta tozalash” AJ balansiga noqonuniy oʻtkazganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan “A” fermer xoʻjaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.