TOSHKENT, 7 dek – Sputnik. Oʻzbekiston poytaxti markazida Tashkent Central Park quriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrining markaziy qismida koʻp tarmoqli kompleks qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida aytilgan.
Qarorga koʻra, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Taşkent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim şirketi kompaniyasi (Turkiya) va UzTur Investment and Development MCHJ (Oʻzbekiston) tomonidan Toshkent shahrida “Tashkent Central Park” koʻp tarmoqli kompleksi qurish loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullangan.
Investorlar loyihani amalga oshirish doirasida 2019-2020 yillarda oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan loyiha hujjatlariga muvofiq besh yulduzli mehmonxona, savdo-koʻngilochar markaz, tijorat banki uchun maʼmuriy binolar hamda boshqa inshootlar qurish majburiyatini olgan.
Loyihani amalga oshirish uchun Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh koʻchasi, Shahrisabz va Istiqlol koʻchalari doirasidagi umumiy maydoni 2,5 gektar boʻlgan yer maydoni doimiy foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda ajratiladi.