TOSHKENT, 13 dek - Sputnik. Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlaridagi taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qoniqarli emasligi aniqlandi, dedi Senat raisi Nigʻmatulla Yoʻldoshev Oʻzbekiston Oliy majlisi Senatining 17-yalpi majlisi yigʻilishida.
"Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari borishini oʻrganish va mavjud kamchiliklarni hal etishda koʻmaklashish maqsadida, joylarda boʻlganimizda, ijtimoiy, xususan, taʼlim va sogʻlini saqlash muassasalaridagi ahvolni yaxshilash boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlari, tegishli vazirlik va idoralarga takliflar, zarur paytda koʻrsatmalar va amaliy yordamlarni ham muntazam berib keldik. Biroq, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar shuni koʻrsatdi-ki, mazkur hududlardagi 167ta maktab moʻrili choʻyan va qoʻlbola pechkalar bilan isitilmoqda", - dedi senator.
Yoʻldoshev "boshqa viloyatlarda ham ahvol bundan yaxshiroq ekanligiga hech kim kafolat bera olmaydi", deya qoʻshimcha qildi.
Senator bolalarning sogʻligʻi, hatto ular hayotiga xavf soladigan, surunkali kasalliklarni keltirib chiqaradigan bu muammoni bartaraf etish boʻyicha Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari qanday tashabbus yoki talab bilan chiqqaniga qiziqdi.
"Agar bunday tashabbuslar misol uchun, moliya vazirligiga kiritilgan boʻlsa, bu vazirlik qanday choralarni koʻrdi? bu holat ertaga mudhish oqibatlarni keltirib chiqarmasligiga kim bugun kafolat beradi?", - deya vazirliklarga savol bilan murojaat etdi Senat raisi.
Yoʻldoshev, shuningdek, is gazidan zaharlanish holatlari boʻyicha xabarlar tez-tez tarqalayotganini eslatib oʻtdi.