TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.
Hujjat bilan sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllarini va muddatlarini tatbiq etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin:
- xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalarini ajratish - doimiy;
- mavjud davlat tibbiyot tashkilotlarini qaytadan qurish, rekonstruktsiya qilish va jihozlash sharti bilan xususiy tibbiyot tashkilotlari obʼyektlari qurish va doimiy foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish – doimiy;
- xususiy tibbiyot tashkilotlari binolarini qurish va vaqtincha foydalanish uchun bepul asosda yer uchastkalari taqdim etish – kamida 10 yil;
- boʻsh turgan davlat mulki obʼyektlarini, shu jumladan faoliyat koʻrsatmayotgan davlat tibbiyot tashkilotlarining bino va inshootlarini maqsadli foydalanish uchun «nol» xarid qiymatida sotish - doimiy;
- davlat tibbiyot tashkilotlarining foydalanilmayotgan, kam foydalaniladigan yoki rekonstruktsiya qilish yoxud kapital taʼmirlashni (qayta jihozlashni) talab qiladigan mavjud bino, inshoot va tibbiy asbob-uskunalarini foydalanish uchun taqdim etish – kamida 10 yil;
- kontsessiya asosida bino qurish yoki rekonstruktsiya qilish, jihozlash uchun mol-mulk va yer uchastkalarini ajratish– 15 yilgacha;
- davlat tibbiyot muassasalarini xususiy sherikka ishonchli boshqaruvga topshirish – 15 yilgacha;
- davlat tibbiyot tashkilotlarining ayrim funktsiyalari yoki xizmatlarini tadbirkorlik subʼyektlariga autsorsing asosida oʻtkazish – 5 yilgacha;
- xususiy tibbiyot tashkilotlarining ayrim funktsiyalari yoki xizmatlaridan davlat tibbiyot tashkilotlarida shartnoma asosida foydalanish – 5 yilgacha;
Davlat–xususiy sheriklik shakliga koʻra, xususiy sherikka quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklatiladi:
- davlat tibbiy muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish, taʼmirlash va jihozlash ishlarini bajarish;
- qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan imtiyozli toifadagi va ijtimoiy koʻmakka muhtoj boʻlgan shaxslarga imtiyozli toʻlov hajmlarida yoki bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish;
- davlat tibbiy muassasalari uchun yordamchi funktsiyalarni, shuningdek davolash-profilaktika xizmatlarining sogʻliqni saqlash organlari tomonidan belgilangan alohida turlarinikoʻrsatish;
- davlat–xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda koʻzda tutiladigan boshqa majburiyatlar.
Qaror loyihasiga Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni tashkil etish toʻgʻrisida nizom ilova qilingan.
“Xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tibbiy faoliyat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya asosida amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun tanlov ochiq turda oʻtkaziladi va barcha yuridik shaxslar qatnashishi mumkin.