TOSHKENT, 15 fev - Sputnik. Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Oʻzbeksitonga xorijdan kelgan pochta joʻnatmalari ichidan psixotrop dori vositalarini fosh etishdi. Bu haqda Oʻzbekiston Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, fuqarolar YU.I., A.A., B.A. nomiga xorijdan yuborilgan pochta joʻnatmalari bojxona nazoratidan oʻtkazilganda “CN22” shaklidagi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan salkam 300 dona “Fenazepam”, “Lorazepam” hamda “Oksazepam” psixotrop tabletkalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, mazkur post xodimlari tomonidan fuqarolar O.K., B.N.,O.F. nomiga kelgan pochta joʻnatmalari orasidan esa 204 dona “Tramadol”, “Andipal”, “Rokatset plyus” kabi psixotrop tabletkalari borligi maʼlum boʻldi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xalqaro pochta Konventsiyasiga asosan, pochta joʻnatmalari orqali psixotrop va narkotik vositalarning yuborilishi qatʼiyan taqiqlangan.