TOSHKENT, 28 fev – Sputnik. Ayrim mahalliy nashrlarda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida fuqaro oʻzini yoqib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida Sputnik muxbiri Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bogʻlandi.
Bosh prokuraturada bu holat 25 fevral kuni Termiz tumani, “Uchqizil” mahallasi At-Termiziy koʻchasi markazida sodir boʻlganligi maʼlum qilindi.
“Termiz tumani “Yangihayot” mahallasida yashovchi fuqaro B.E. oʻzi bilan olib yurgan 0.5 litr hajmdagi idishda boʻlgan benzin yoqilgʻisini ustiga sepib, zajigalka yondirgʻich orqali olov berib oʻzini oʻzi yoqib yuborgan”, - deb maʼlum qilindi matbuot xizmatda.
Alanga oqibatida tan jarohati olgan B.E. Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlashtirish boʻlimiga yotqizildi.
“Viloyat sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida, fuqaro B.E.ning tananing 15-20 % qismini I-II darajali alangadan termik kuyishi, yuqori haroratli alanga (olov) taʼsir mexanizmi natijasida yetkazilganligi, ogʻirlik darajasiga koʻra “oʻrtacha” ogʻirlikdagi tan jarohati deb baholangan”, - deb taʼkidlandi matbuot xizmatda.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Termiz tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.