TOSHKENT, 25 mar – Sputnik. AQSH Maxsus prokuror Robert Myuller Donald Tramp va uning xodimlari 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida Rossiya bilan til biriktirganini isbotlovchi dalillarni topa olmadi. Bu haqda RIA Novosti AQShning Adliya vazirligiga tayanib xabar qildi.
Maxsus prokuror Robert Myullerning taʼkidlashicha, Tramp shtabining Demokratik partiyasi aʼzolarining kompyuterlarini buzishga aloqasi boʻlmagan. Prokuror bu ayblov uchun javobgarlikni “Rossiya hukumati nazorati ostida boʻlgan xakerlar” zimmasiga yukladi.
Myuller oʻzining ikki yillik tergovi davomida Rossiya ikki usul bilan saylovlarga taʼsir koʻrsatishga uringanini aniqladi.
Maxsus prokuror uning “Rossiya ishi” boʻyicha hisobotida Tramp jinoyat sodir etganligi haqida xulosalar mavjud emasligini aytdi. Biroq uni oqlamasligini qoʻshimcha qildi. Xususan, prokuror Tramp adolat oʻrnatishga xalal berishga urindimi, degan savolga javob berishga qiynaldi.
AQSH Adliya vazirligi Myuller hisobotidagi yangi maʼlumotni eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorni bu qonunga zid emasligiga ishonch hosil qilgandan soʻng qabul qiladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda hozircha Myuller tergovi yakunlari bilan tanishib chiqishmaganligini maʼlum qildi.
“Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi” ishi ikki yildan oshiq vaqt davomida oʻrganildi. Maxus prokuror Robert Myuller Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi, shuningdek, Donald Tramp shtabi Kreml bilan 2017 yilning mayida ehtimolli til biriktirishini surishtirgan.