TOSHKENT, 4 may – Sputnik. 3 may kuni taxminan 14:30 da Toshkent halqa avtomobil yoʻliga birikkan ikkinchi darajali yoʻldagi “Chinnibozor” jamoat transporti bekatida YTH sodir boʻldi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB.
Xabarda aytilishicha, 147-raqamli yoʻnalishda harakatlanuvchi Mercedes-Benz avtobusi haydovchisi yoʻlovchilarni tushirayotgan vaqtda hozircha aniqlanmagan sabablarga koʻra, avtobus oʻz-oʻzidan oldinga yurib ketgan va bekatda turgan ikki piyodani urib yuborgan. Taxminan 10 metrcha yurib, avtobus old oʻng gʻildiragi bilan beton novga kirib qolib toʻxtagan.
YTH oqibatida 14 yoshli qiz va 30—35 yoshlardagi ayol voqea joyida halok boʻlgan.
Haydovchining 20 yillik tajribaga ega ekanligi aytilmoqda.
Chilonzor tuman IIB jinoyat ishi ochish masalasini koʻrib chiqmoqda, YTH sabablari oʻrganilmoqda.