TOSHKENT, 21 may – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Ahmadjon Tursunboyevning OAVga bergan intervyusi tasvirlangan video tarqaldi.
Tursunboyev odamlar unga nisbatan portalga turli yolgʻon ayblovlarni yozmasligini soʻradi.
“Men sud hukmidan norozi emasman. Bir narsani iltimos qilaman: fuqarolar pulni oʻz xohishi bilan olib kelgan, ularni hech kim majburlamagan. Fuqarolar xudodan qoʻrqsin, 10 ming pulini 20 ming, 25 ming qilib olgan. Yoʻq narsani, uyimni sotdim, joyimni sotdim, deb tuhmat qilmasin. Xudodan qoʻrqsin.
Men oʻzim uchun toʻgʻri ishlaganman, fuqarolarni aldamaganman. Fuqarolar oʻz xohishi bilan pul olib kelgan. Fuqarolar koʻpayganidan keyin qonuniy qilib firma ochishga majbur boʻlganman. Men birovni aldab, pulini olmaganman. Oʻz xohishi bilan bergan. Qaysi odam shunchaki 10 ming dollarini 20 ming dollar qilib oladi, bankka borsa, bank buni hech qachon qilib bermaydi. Bank bir yilda 10 ming dollarni 12 ming qilib beradi. Hech kim ularni majburlamagan, oʻz xohishi bilan olib kelgan. Maqsadi pulini pul qilib olish boʻlgan.
Men muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan uzr soʻrayman, ham yordam soʻrayman. Prezidentimiz afv etsalar, chorva, parrandachilik qilaman. Xalqqa foydam tegsin, oldin ham foydam tekkan. Kambagʻalni boy qilganman", - deydi u.
Sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyev Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Unga uzil-kesil 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, A. Tursunbayev 2015 yil Toshkent viloyati Chinoz tumanida "Chinoz halol chorva" va "Chinoz avto hamkor trans" korxonalarini tashkil qilgan. U va uning xodimlari milliy va chet el valyutasida aholidan eng kamida yiliga 100 foiz ustama berish sharti bilan pul olib kelgan. Shu bilan birga Ahmadboy pulni qaytarib berishga hech qanday kafolat bermagan.
Tomonlar, agar unga biror narsa boʻlsa, hech kim hech narsa talab qilmaslikka kelishib olgan.
Ikki yil mobaynida Ahmad Tursunbayev va uning sheriklari katta miqdordagi pul, chorva mollar va turli rusumli avtomobillarni oʻzlashtirib kelgan. Ularning jinoiy faoliyati besh yil davom etgan. Maʼlum qilinishicha, bundan minglab fuqarolar jabr koʻrgan.
