TOSHKENT, 21 may – Sputnik. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan “Matbuot tarqatuvchi” AK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshirish oʻtkazildi.
Xabarda aytilishicha, tekshirishda “Matbuot tarqatuvchi” AK Xorazm viloyati shoʻʼba korxonasi direktori O.K. 2017-2018 yillarda obunachilar tomonidan toʻlangan 1,3 mlrd. soʻm pul mablagʻlaridan 562,3 mln. soʻmini oʻgʻli A.K. va qarindoshi S.SH.ga qarashli “U.Z.” MCHJga oʻtkazib talon-toroj qilganligi aniqlandi.
“Ushbu pul mablagʻlari evaziga “Kaptiva”, “Lasetti”, “Neksiya” rusumli avtomashinalarni hamda shoʻʼba korxona negizida tashkil etilgan Hazorasp bosmaxonasi balansida boʻlgan haqiqiy bahosi 750,0 mln. soʻmlik bino va inshootlarni 16,7 mln. soʻmga sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganligi aniqlangan”, - deyilgan xabarda.
Tekshiruv davomida yetkazilgan zarardan 562,0 mln. soʻmi undirilishi taʼminlangan.
Xuddi shunday, “Matbuot tarqatuvchi” AK Xonqa filiali rahbari M.R. ham 2018 yilda obunachilar tomonidan toʻlangan 365,5 mln. soʻm pul mablagʻlaridan 214,0 mln. soʻmini qarindoshi SH.A.ga tegishli boʻlgan “A.S.” XKga oʻtkazib talon-toroj qilib, ushbu pul mablagʻlari evaziga Urganch shahridan turmush oʻrtogʻi A.A. nomiga uy sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan O.K. va M.R.larga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.