TOSHKENT, 24 may - Sputnik. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey oʻz isteʼfosi haqida eʼlon qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Kutilishicha, Mey 7 iyun kuni Konservativ partiya rahbari lavozimini tark etadi.
"Mey oʻzining bu qarorini YEIning Brexit boʻyicha taqdim etgan yangilangan kelishuvidan norozi boʻlgan partiyadoshlari, shu jumladan, vazirlar mahkamasi aʼzolari qistovi bilan eʼlon qilgan", - deyiladi xabarda.
Bu esa Mey mamlakat bosh vazirligi lavozimini ham tark etishi kerakligini anglatadi.
Ammo 7 iyun kuni lavozimdan ketishi kutilayotgan Mey iyun boshida Buyuk Britaniyaga davlat tashrifini amalga oshirayotgan AQSH prezidenti Donald Trampni toʻlaqonli bosh vazir sifatida qabul qilishi mumkin.
Yangi yetakchini saylash jarayoni rasman 7 iyundan keyin boshlanadi. Ayni damda Britaniya TIV sobiq rahbari Boris Jonson oʻz nomzodini ilgari surishi haqida eʼlon qilishga ulgurdi. Shuningdek, potentsial nomzodlar orasida Buyuk Britaniya TIV rahbari Jeremi Xant va IIV rahbari Sajid Javidlar bor.
Toki yangi yetakchi saylanmas ekan, bu jarayon odatda olti hafta vaqtni oladi, Mey vaqtincha bosh vazir lavozimini bajaruvchi sifatida qolishi ehtimolga yaqin.