TOSHKENT, 30 may - Sputnik. Suriya qurdlari "Islom davlati" jangarilarining 148 nafar xotinlari va bolalarini Oʻzbekiston hukumatiga topshirganligi haqida eʼlon qildi. Bu haqda Suriya shimoli-sharqidagi oʻz-oʻzini boshqarish organlariga tayangan holda qurdlarning ANHA agentligi xabar bergan.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, jangarilar oilalari Dayr-az-Zor provintsiyasida oʻtkazilgan operatsiya davomida "Suriya demokratik kuchlari" (SDF) arab-qurd otryadlariga taslim boʻlgan.
Taʼkidlanishicha, Suriyaning Kamishli shahrida oʻtkazilgan matbuot-anjumanida qurdlarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari jangarilar oilalari aʼzolari Oʻzbekiston hukumatiga topshirilgani haqida eʼlon qilgan. Matbuot-anjumanida Oʻzbekistonning BAA bosh konsuli ishtirok etgan.
Bolalarning yoshi va boshqa maʼlumotlar hozircha ochiqlanmagan.
Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabariga koʻra, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda yosh olimlar bilan uchrashuvda bu haqda qisqa toʻxtalib oʻtgan. Davlat rahbari bolalar tarbiyasi boʻyicha alohida topshiriq berishini taʼkidlagan.