TOSHKENT, 31 may — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ichki ishlar vazirlari kengashining shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan tadbirlarida ishtirok etayotgan MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar vazirliklari va idoralari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, prezident Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlarini samimiy qutab, Hamdoʻstlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlik aloqali tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
Bugungi kunda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi samarali hamkorlik, ilgʻor tajriba va bilim almashish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashishdagi saʼy-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm ekani taʼkidlandi.
Hamdoʻstlik hududida jinoyatlar soni keyingi besh yilda 25 foizdan ziyodga qisqargani Kengash faoliyatining natijadorligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, birgina oʻtgan yilda qoʻshma operatsiyalar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan shugʻullangan 892 nafar shaxsning faoliyatiga chek qoʻyildi hamda 84 nafar jinoyatchi ushlandi.
Uchrashuvda MDHga aʼzo davlatlar ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan, samarali idoralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, kadrlar tayyorlash boʻyicha dasturlarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, xususan, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakat huquqni muhofaza qilish tizimida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va profilaktika qilish boʻyicha samarali tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuksak baholandi.
Xabarda hamdoʻstlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish tuzilmalari oʻzaro qoʻllab-quvvatlash hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshish kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani alohida qayd etilgan.