TOSHKENT, 31 may — Sputnik. Oʻzbekistondagi ilk AES Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli yaqinidagi maydonga quriladi.
“Oʻzatom” agentligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida Oʻzbekiston hududida Atom elektr stantsiyasi qurish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv va mazkur hamkorlik doirasidagi “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etish maqsadida 2018 yilning avgustidan shu yilning mart oyiga qadar AES qurilishi uchun ajratilgan tahminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirildi
Xususan, mazkur yoʻnalishdagi ishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarining Toʻdakul suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli atrofida joylashgan 3 ta maydonda olib borilgan
“Tadqiqotlar natijalari, muhandislik-texnika va iqtisodiy ahamiyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida AES qurilishini amalga oshirish loyihasini nazorat qiluvchi Respublika ishchi guruhining qoʻshma majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish Agentligining ilmiy – texnik va ekspertlik kengashi Qarori, shuningdek, mutaxassisilar, xalqaro ekspertlar xulosalariga asoslanib, AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli yaqinidagi maydon tanlandi”, - deyiladi xabarda.
Maʼlum boʻlishicha, hozirgi kunda tanlangan maydonni tasdiqlash hamda litsenziyalash borasida muhandislik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi davom ettirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish ishlarini jadallashtirish va loyihaviy yechimlarni ishlab chiqish maqsadida, joriy yilning 17 may kuni “Atomstroyeksport” (“Rosatom” Davlat korporatsiyasining muxandislik boʻlimiga tegishli AJ) bilan tenik loyihani ishlab chiqish uchun muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish boʻyicha shartnoma imzolandi, mazkur jarayonning Dasturini ishlab chiqish hamda hodimlar va texnika mobilizatsiyasi (taqsimoti) boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.