TOSHKENT, 2 iyun – Sputnik. Namanganda 59-anʼanaviy “Gul bayrami” festivalining gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash hamda tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri, Viloyat hokimligi matbuot xizmatiga asosan.

Tantanali tadbir Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov nutqi bilan ochildi. Viloyat hokimi har yili boʻlib oʻtayotgan Gul bayramiga ortayotgan qiziqish haqida gapirib, bu yil ochilish marosimi kuni 150 ming kishi Bobur bogʻiga tashrif buyurganini, 5 kun davomida esa bir milliondan ziyod kishi bayramga kelganini taʼkidladi.

Shundan soʻng gʻoliblarni taqdirlash marosimi boshlandi. “Gul bayrami” festivalida faol ishtirok etgan ellikdan ziyod korxona tashkilotlar, gulchilar hamda hamkorlar viloyat hokimining tashakkurnomasi hamda qimmatli sovgʻalari bilan taqdirlandi.
“Gul bayrami-2019”ning asosiy sovrinlari – “Spark” avtomobillariga festivalda eng katta va chiroyli ekspozitsiya tashkil qilgan Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi hamda usta gulchi Azizbek Mamajonov loyiq koʻrildi. Gʻoliblarga avtomobil kalitlarini viloyat hokimi Xayrullo Bozorov topshirdi.

“Gul bayrami” festivalining tantanali yopilish marosimi yirik kontsert dasturi bilan davom etdi.

Namanganda 5 kun davom etgan “Gul bazmi”da Bobur nomli istirohat bogʻida 5 mln tupdan ortiq gullar ekildi. Gullar koʻrgazmasida 150 dan ortiq gulchi-tadbirkorlar, 100 dan ziyod korxona va tashkilotlar tomonidan 60 dan koʻproq turdagi mavsumiy gullar koʻrgazmasi hamda 100 dan ortiq badiiy kompozitsiyalar namoyish etildi. Gullar bilan bezatilgan 100 dan ziyod avtomobil ishtirokida shahar boʻylab gul paradi tashkil etildi.
Festivalga Turkiya, Xitoy, Rossiya, Qirgʻiziston, Eron va boshqa davlatlarda 10dan ortiq jurnalistlar tashrif buyurdi.