TOSHKENT, 6 iyun — Sputnik. Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat senatining yalpi majlisida nima sababdan isteʼfoga chiqqanini maʼlum qildi.
“Bu yil qabul qilgan qarorim, - davlat barqarorligi uchun, kelajak uchun, soʻnggi 30 yil davomida amalga oshirgan siyosatim izchilligi yoʻlida obdon oʻylab qilingan qaror”, - dedi Nazarboyev.
Sobiq prezident boshqa davlat rahbarlaridan koʻplab maktub va qoʻngʻiroqlar qabul qilganida hayron boʻlganini taʼkidlagan, zero bunday reaktsiyani kutmagan, deya yozadi RIA Novosti.
Shu bilan birga, Nazarboyev uning bu odimi “hukumatni boshqaga topshirish masalasini qanday hal qilish lozimligi” uchun namuna boʻlgani qayd etgan.
Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni millatga murojaat qilib, isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi. Saylovgacha Qozogʻiston prezidenti vazifasini Parlament Senati spikeri Kasim-Jomart Tokayev bajarib turadi.
Qozogʻistonning amaldagi prezidenti Kasim-Jomart Tokayev shu yilning 9 iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovi boʻlib oʻtishi toʻgʻrisida qaror qabul qilganini maʼlum qildi.
Davlat rahbari lavozimiga 7 kishi daʼvogarlik qilmoqda: “Nur Otan” partiyasidan Kasim-Jomart Tokayev, “Aq jol” partiyasidan Daniya Yespayeva; “Qozogʻiston Kommunistik xalq partiyasi”dan Jambil Axmetbekov, “Auil” partiyasidan Toleutay Rahimbekov, “Yil tagʻdiri” milliy-vatanparvar harakatidan Amirjon Kosanov; yozuvchi va jamoat arbobi Sadibek Tugel; Gʻarbiy Qozogʻiston viloyati kasaba uyushmalari hududiy birlashmasi raisi Amangeldi Taspixovlar.