TOSHKENT, 9 iyun – Sputnik. Oʻtgan tunda Margʻilonda yirik oziq-ovqat bozori yonib ketdi, deb xabar qilmoqda Fargonaliklar telegram kanali.
Xabarda aytilishiga koʻra, 9 iyun tun soat 3da mahalliy aholi TRZ deb atovchi oziq-ovqat bozori yongʻin ichida qolgan. Oʻt oʻchiruvchilar tezda yetib kelishiga qaramasdan yongʻinni tez oʻchirishning iloji boʻlmagan. Yongʻin 2-3 soat davom etgani aytilmoqda.
“Bozorlar Margʻilonda juda koʻp yonadi, xususan, kombinat bozori 3 marta, TSUM 2 marta yongan. Hamma yongʻinlar koʻchish kerakligi haqidagi mish-mishlardan soʻng paydo boʻladi. Bularning bari shunchaki tasodifmi?”, - deb yozadi Fargonaliklar kanali.
Hozircha yongʻin kelib chiqish sabablari, undan koʻrilgan zarar miqdori va jabrlanganlar haqida maʼlumot yoʻq. Huquqni saqlash organlari ushbu hodisa yuzasidan tekshirish ishlari olib bormoqda.