DXX sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan - Yo‘ldoshev

Obuna bo‘lish
Tergov jarayonida davlat sirlariga aloqador qator yuqori davlat organlari mansabdor shaxslari ishlari ko‘rilayotgani tufayli tergovni yopiq tarzda olib borishga qaror qilingan

TOShKENT, 15-iyun - Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Davlat xavfsizligi xizmati sobiq rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladi, deb xabar qildi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.

Abdullayev Ixtiyor - Sputnik O‘zbekiston
Ixtiyor Abdullayev nima sababdan DXX raisi lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev juma kuni o‘tkazilgan brifingda Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini rasman tasdiqlagan.

Xabarga ko‘ra, DXX rahbarining sobiq birinchi o‘rinbosari Jahongir Egamov, avvalroq hibsga olingan O‘zbekiston Oliy sudi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari — ma’muriy ishlar bo‘yicha sud kollegiyasi raisi Bahodir Dehqonov va boshqa shaxslar — jami 10 kishi mazkur jinoyat ishida ishtirok etmoqda.

Tergov jarayonida davlat sirlariga aloqador qator yuqori davlat organlari mansabdor shaxslari ishlari ko‘rilayotgani tufayli tergovni yopiq tarzda olib borishga qaror qilingan.

Ixtiyor Abdullayev 2015 yil aprelidan 2018-yil yanvarga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan. 2018-yil 31-yanvarida 1995-yildan buyon DXXga rahbarlik qilib kelayotgan Rustam Inoyatov o‘rniga Milliy xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlangan. 2019 yilning fevralida Abdullayev o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etgan.

O‘z navbatida, general-leytenant Abdusalom Azizov O‘zbekiston DXX raisi lavozimiga tayinlangan.

Yangiliklar lentasi
0