Birinchi iyuldan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Obuna bo‘lish
Iyul oyidan boshlab mamlakatda hayotning turli sohalariga oid yangiliklar kuchga kiradi. Masalan, mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega. Batafsil – maqolada.

TOShKENT, 24-iyun – Sputnik. Adliya vazirligi 2019-yil 1-iyuldan O‘zbekiston qonunchiligida o‘zgarishlar haqida eslatib o‘tdi.

1. Videoregistratorlar dalil yig‘uvchiga aylanadi. Avtotransportdagi videoregistratorlarda qayd etilgan huquqbuzarlik endilikda dalil sifatida qabul qilinadi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

1 iyuldan har qanday jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish majburiydir.

Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh foizi (hozirgi kunda 10 136 so‘m) miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

2. YPX xodimida videokamera bo‘lishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yo‘l harakati qatnashchilariga ma’lum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim.

Mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

3. Bepul tibbiy xizmat chegarasi aniq bo‘ladi. Viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pulli asosda amalga oshiriladi.

4. Bepul tibbiy xizmat chegarasi aniq bo‘ladi. Viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sog‘liqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pulli asosda amalga oshiriladi.

5. Ayrim yerlarni xususiylashtirish imkoni beriladi. Yuridik shaxslar bino va inshootlari, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yerlarini, jismoniy shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yerlarini xususiylashtirish huquqiga ega bo‘ladi.

6. Davlat mulkini ijaraga berish shaffof bo‘ladi. Davlat ko‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berish bo‘yicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

7. Mobil ilovalardan taksometr sifatida foydalanish mumkin. Yo‘nalishsiz taksilar uchun talab etiladigan to‘lov terminallari, hisoblagich-taksometrlar va radioaloqa vositalari funksiyalarini maxsus ilovalar orqali (uyali telefonlar, planshetlar, elektron to‘lov tizimlari) amalga oshirish mumkin.

8. Kira qilish uchun mashinani bo‘yash shart emas. Yo‘nalishsiz taksi rangini qonun hujjatlarida talab qilingan rangga muvofiq holga keltirish uchun (viloyatlarda sariq va Toshkent shahrida fil suyagi rangi) o‘zi yelimlanadigan materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi, ularni bo‘yash shart emas.

Yo‘nalishsiz taksilar avtobuslar uchun ajartilgan maxsus harakat yo‘nalishida harakatlanishi hamda “To‘xtash taqiqlanadi” belgisi amal qilish hududida to‘xtashi mumkin.

Xalqaro avtomobilda tashishga xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizalar bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

9. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun dispetcherlik xizmati. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.

Eshitish va nutqida muammosi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularning vakillari tomonidan texnik vositalar (video qo‘ng‘iroqlar, matnli xabarlar, maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda qo‘ng‘iroqlar va boshqalar) orqali bo‘ladigan murojaatlarga shoshilinch operativ xizmatlarning (101, 102, 103, 104, 1050) kechayu kunduz, tezkor javob berishlarini ta’minlash dispetcherlik xizmatining asosiy vazifasi hisoblanadi.

10. Zargarlik uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi. Zargarlik bo‘yicha litsenziyasi bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zi ishlab chiqargan zargarlik buyumlarining asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi izlarini qo‘yish huquqi beriladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi litsenziyaga ega yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini mustaqil sotishi, aholidan qimmatbaho metallar parchalari, qimmatbaho toshlar va buyumlarni sotib olish huquqiga ega.

Jismoniy shaxslar qiymati 5 ming dollardan ko‘p bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishi mumkin.

Zargarlik sohasidagi tadbirkorlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga ixtiyoriy a’zo bo‘lsa, uyushma a’zolarining imtiyoz va preferensiyalari ularga ham tatbiq etiladi.

Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana savdoda sotganlik uchun 1 grammiga 1 000 (bir ming) so‘m miqdorida yig‘im joriy etiladi.

11. gov.uz davlat subdomeniga kirganda trafik yechilmasligi mumkin. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga davlat subdomenida (gov.uz, my.gov.uz, regulation.gov.uz, data.gov.uz, invest.gov.uz va boshqalar) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etiladi.

12. Qurilish mollari eksporti uchun sertifikat harajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport mahsulotini sertifikatlashtirish xarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

Texnogen mineral hosilalar haqidagi ma’lumotlar tadbirkorlarga bepul beriladi.

13. Mahalliy elektrotexnika maxsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar. Elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qo‘llaniladi.

Elektrotexnika korxonalarining eksport bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik hosil bo‘lishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 120 kun).

Elektrotexnika korxonalarining o‘z ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari bo‘yicha to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 180 kun).

14. OTM o‘qituvchilari maoshi oshadi. Oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda budjet mablag‘lari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda to‘lanadi.

15. Shuningdek, quyidagi o‘zgarishlar joriy etiladi:

- xalqaro tashishlarda foydalaniladigan tagach (shatakchi) avtomobillarga litsenziya kartochkalari berilishi uchun davlat boji to‘lanmaydi;
- “Yevro-5” va “Yevro-6” ekologik sinf talablariga mos keladigan yangi yuk va maxsus avtotransport vositalarini, shuningdek, avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkama va yarim tirkamalarni, transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi;
- yo‘lovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud bo‘lishi talab qilinmaydi;
- avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan o‘tishi shart emas;
- avtomobilda yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud bo‘lishi haqidagi talablar bekor qilinadi.

Yangiliklar lentasi
0