TOSHKENT, 26 iyun – Sputnik. Hukumat qarori bilan Prezident maktablari toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan Prezident maktablarining maqsadi va asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari belgilab berildi.
Xususan, ushbu maktablarning asosiy maqsadi maʼnan yetuk va intellektual barkamol avlodni shakllantirishdan iborat.
Prezident maktablarining 11-sinf bitiruvchilari tanlangan fanlar asosida xalqaro malaka imtihonlarini (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) topshirish huquqiga ega boʻladi.
Mazkur imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtganlarga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga kirish imkonini beradigan xalqaro diplom beriladi.
Prezident maktablariga 4-sinf (birinchi oʻquv yilida 4–9-sinflar) bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli (baholar tabeli asosida tegishli STEAM fanlari – matematika, biologiya (tabiatshunoslik), informatika va axborot texnologiyalari, fizika, algebra, geometriya, kimyo – boʻyicha aʼlo bahoga tugatgan) oʻquvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
Qabul boshlanishidan kamida 10 kun oldin eʼlon qilinadi.
Hujjatlar bevosita qabul komissiyasiga yoki elektron shaklda ham topshirilishi mumkin.
Imtihonlar ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- 1-bosqich – matematika fanidan 30 ta test;
- 2-bosqich – axborotni tahlil va solishtirish qobiliyatini aniqlash boʻyicha – 16 ta masala;
- mantiq elementlari boʻlgan matematika fanidan – 24 ta masala;
- ingliz tilidan – 55 ta test.
Imtihon natijalari Xalq taʼlimi vazirligining va Prezident maktablarining rasmiy veb-saytiga imtihondan soʻng 30 kun mobaynida joylashtiriladi.
Shuningdek, nizom bilan Prezident maktablariga xodimlarni qabul qilish, ularning mehnatiga haq toʻlash tartiblari belgilandi.