TOSHKENT, 26 iyun – Sputnik. Rustam Kurganbayev Oʻzbekiston Respublikasining Rostov-na-Donu shahridagi (Rossiya Federatsiyasi) Bosh konsuli etib tayinlandi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.
R.Kurganbayev bunga qadar TIVning Konsullik-huquqiy departamenti direktori oʻrinbosari boʻlib ishlagan.
Rostov-na-Donu shahridagi Bosh konsulxona konsullik okrugiga Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugi (Dogʻiston Respublikasi, Ingushiya Respublikasi, Kabarda-Balkariya Respublikasi, Qorachoy Cherkasiya Respublikasi, Stavropol oʻlkasi, Checheniston Respublikasi, Shimoliy Osetiya Respublikasi) va Janubiy federal okrugi (Adigeya Respublikasi, Astraxan viloyati, Qalmoq Respublikasi, Krasnodar oʻlkasi, Volgograd viloyati, Rostov viloyati) kiradi.
Ushbu hududlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari zarurat tugʻilgan holatlarda quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-863-285-50-57.
Avvalroq Tatariston poytaxti Qozon shahrida Oʻzbekistonning Bosh konsulxonasi ochilgani xabar qilingan edi.