TOSHKENT, 19 iyul – Sputnik. Yoshlar ittifoqi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hukumat qarori loyihasini tayyorladi.
Unda aytilishicha, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna koʻrsatayotgan yosh oilalar uchun 3 180 ta uy-joylar qurilmoqda.
“2019 yilda 2 116 ta uy-joylar uchun:
yosh oilalarga boshlangʻich badalining 65 foizgacha boʻlgan qismini 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi stavkada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan ssuda tariqasida ajratiladi;
ipoteka krediti boʻyicha birinchi besh yil nihoyasiga yetgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 25 foizi miqdorida toʻlanadi”, - deyilgan hujjatda.
Shuningdek, loyihada quyidagilar bayon etilgan:
Moliya vazirligi yosh oilalar uchun qurilishi tugallangan 1 064 ta uy-joylar qiymatining dastlabki badal mablagʻlari uchun talab etilayotgan 60 mlrd.soʻm mablagʻni 2019 yil 2-chorak yakuni boʻyicha bojxona toʻlovlarining prognoz koʻrsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan;
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining asoslangan hisob-kitobiga muvofiq 2 116 ta uy-joylar uchun yosh oilalarga boshlangʻich badalining 65 foizgacha boʻlgan qismini 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foiz miqdoridagi stavkada ssuda tariqasida ajratish uchun talab etiladigan mablagʻni 2019 yilning 3-chorak yakuni boʻyicha respublika byudjetining prognoz koʻrsatkichlaridan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga ajratish belgilangan.