TOSHKENT, 21 iyul – Sputnik. Oʻtgan tunda Namangan shahridagi “Chorsu” bozori hududida yongʻin sodir boʻldi, deb xabar qilmoqda Daryo.

Namangan viloyati Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi xabariga koʻra, 21 iyul kuni soat 01:38 da yongʻin haqida xabar qilingan. Oradan 4 daqiqa oʻtib, yongʻinni oʻchirish boʻlinmalari voqea joyiga yetib borgan.
Maʼlum boʻlishicha, bozorning non rastasi alanga olgan. Rastaning shift hamda tom qismidan 600 kvadrat metr joyi va jihozlar, bozor hududiga tutash “Zulayho sanoat savdo” MCHJga qarashli dorixona va uchta savdo doʻkonining shift, tom qismidan 200 kvadrat metr joyi jihozlari bilan, jami 800 kvadrat metr maydon yongan. Ushbu doʻkonlar atrofida boʻlgan “Moskvich-412” rusumli avtomobil ham yonib ketgan.
Soat 02:00lar atrofida yongʻin boʻlayotgan hudud qurshab olingan va 45 daqiqa ichida olov oʻchirilgan. Yongʻinni bartaraf etishda 12 ta ekipaj ishtirok etgan.
Hodisa oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar yoʻqligi aytilmoqda. Yongʻinning kelib chiqish sabablari va koʻrilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.