TOSHKENT, 24 iyul - Sputnik. Artur Taymazov 2012 yilgi London Olimpiadasida Oʻzbekiston terma jamoasi uchun ishtirok etib, qoʻlga kiritgan oltin medalidan doping namunasi qayta tekshirilgandan keyin mahrum qilindi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, Taymazovning tahlil natijalari qayta doping tekshiruvdan oʻtkazilganida uning tarkibida taqiqlangan turinabol moddasi mavjudligi aniqlangan.
Sobiq sportchi XOQ tekshiruvlarini tan olmasligini iddao qilib, qaror yuzasidan arz qilishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Bu haqda oʻzining Instagram sahifasida post yozib qoldirgan.
“2008 yilgi diskvalifiktsiyadan keyin XOQning mening 2012 yilgi Olimpiadadagi doping namunalarimni tekshirish qarori kutilayotgan edi va men uchun syurpriz boʻlmadi. Uning natijasi ham. Afsuski. XOQning navbatdagi qarori yuzasidan quyidagini maʼlum qilmoqchiman. Ayblovni tan olmayman. XOQning qarorini siyosiy motivlashtirilgan va asossiz deb hisoblayman. XOQning ichki tekshiruvlari natijalarini ham, bu tekshiruv jarayonini ham tan olmayman, ular shaffof emas. Bu qaror yuzasidan arz qilaman”, - deya yozgan u.
Shuningdek, Taymazov XOQga 2020 yilgi Olimpiada gʻoliblarini taqdirlashni 10 yildan keyin oʻtkazishni, sportchilarga esa 10 yildan keyingi tekshiruvdan oldin oʻzlarini gʻolib hisoblamasliklarini tavsiya qilishini qoʻshimcha qilgan.
2017 yil aprelda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi doping sabab sobiq kurashchini 2008 yilgi Pekinda oʻtkazilgan Olimpiada oltin medalidan mahrum qilgan edi.