TOSHKENT, 24 iyul - Sputnik. Oʻzbekiston TIV Samarqandda oʻtkaziladigan afgʻonlararo uchrashuv yuzasidan bayonot bilan chiqdi.
Xabarda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Doxadagi afgʻonlararo konferentsiya qarorini va uning ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan Tinchlik toʻgʻrisidagi qoʻshma rezolyutsiyani qoʻllab quvvatlaydi.
Oʻzbekiston tomoni inklyuziv afgʻonlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlagan va boʻlajak muzokaralar muvaffaqiyatli boʻlishiga umid bildirgan.
“Samarqand uchrashuvi oʻtkazilishining aniq vaqti afgʻonlararo muzokaralarning barcha ishtirokchilari bilan kelishilganidan soʻng eʼlon qilinadi”, - deyiladi TIV rasmiy bayonotida.
Xabarda Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistondagi siyosiy jarayon faqat afgʻon xalqi va uning rahbarligida amalga oshirilishi zarurligi toʻgʻrisidagi oʻzining printsipial mavqeini tasdiqlashi qoʻshimcha qilingan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq "Tolibon" Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan afgʻonlararo uchrashuvga taklif etilmagani xabar qilingan edi.