TOSHKENT, 24 iyul – Sputnik. Hozirgi vaqtda Qirgʻiziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalari chegarada yuz bergan mojaro yuzasidan muzokara oʻtkazmoqda. Bu haqda Sputnik Tojikiston Isfara hokimining matbuot kotibi Iqbol Teshayevga asosan xabar qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Isfara-Vorux trassasi hanuz yopiq, qirgʻizlar esa Tojikiston shoshilinch yordam mashinalari harakatiga toʻsqinlik qilishmoqda. Shu sababli chegarada otishma oqibatida yaralangan ikki kishini Voruxdan olib chiqa olishmayapti.
Jarohatlanganlar zudlik bilan qayta operatsiya qilinishi zarur. Maʼlum boʻlishicha, bir nafar tojikistonlik oʻpka qismida oʻq jarohatini olgan. Unga faqat boshqa shifoxonada operatsiya qilish mumkin, chunki Vorux qishlogʻida zarur tibbiy sharoitlar mavjud emas.
Eslatib oʻtamiz, 22 iyul kuni Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasida navbatdagi qurolli mojaro yuz berdi.
Qirgʻiziston davlat chegara xizmati maʼlumotiga koʻra, Tojikiston Voruz qishlogʻi aholisi aholi punktiga kirish joyiga bayroq oʻrnatmoqchi boʻlishgan, Oq-Soy (Qirgʻiziston) qishlogʻi ahli esa bunga qarshi chiqishgan. Ogʻzaki tortishuv davomida tomonlardan biri qurol ishlatgan. Otishma oqibatida bir nafar tojikistonlik oʻqituvchi halok boʻldi, 16 kishi jarohatlandi, bir nafar militsiya xodimi ogʻir ahvolda.
Keyinchalik Tojikiston chegara xizmati ushbu voqeani Tojikiston rahbari Emomali Rahmon va Qirgʻiziston rahbari Sooranbay Jeenbekovning uchrashuvi arafasidan uyushtirilgan provokatsiya deb atadi.