TOSHKENT, 31 iyul – Sputnik. Toshkent koʻchalarida YPX xodimidan qochib "mashhur" boʻlgan “Damas” haydovchisiga maʼmuriy jazo tayinlandi.
Toshkent shahar IIBB xabariga koʻra, qoidabuzar 30 yoshli Sanjar K. ekanligi aniqlangan. U mashinani tegishli hujjatlarsiz boshqargan.
30 iyul kuni Olmazor tumani maʼmuriy ishlar boʻyicha sudi ushbu ish boʻyicha toʻplangan materiallarni oʻrganib chiqib, Sanjar K.ni Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan (194, 128.5, 183-moddalar) huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
U 15 sutka maʼmuriy qamoq va EKIHning 11 barobari (2,2 million soʻm) miqdorida jarima bilan jazolandi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent koʻchalarida YPX xodimidan qochib "mashhur" boʻlgan haydovchi oʻz oyogʻi bilan kelib uzr soʻragani xabar qilingan edi.