TOSHKENT, 15 avg - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2019 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni taʼminlaydigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunikatsiyalar infratuzilmasini yaxshilash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Hisobot davrida uy-joylar, yoʻl-logistika va ijtimoiy infratuzilma obʼyektlari qurish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi. Xususan, "Obod qishloq" dasturi doirasida 159 tumandagi 478 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi, ularga ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 3,6 ming kilometr avtomobil yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Bu boradagi ishlarni davom ettirib, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash masalalariga yana bir bor eʼtibor qaratildi.
Yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 111 ta koʻp qavatli uylarni qurib bitkazish, 1 ming 200 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruktsiya qilish, ularning sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligi taʼkidlandi.