TOSHKENT, 14 sen – Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Fargʻona viloyatiga tashrif buyurib Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev uy-joylar qurilishiga oid loyihalarni qayta koʻrib chiqish, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirish boʻyicha besh yillik reja qilish zarurligini taʼkidladi.
- Avvalo, qayerda qiyinchilik borligini oʻrganish, odamlarning fikrini olish kerak, - dedi Prezident. - Aholi qachon qaysi hududda qurilish boʻlishini bilsin. Uy-joy bilan ish oʻrinlari mutanosib boʻlishi zarur. Fargʻonaliklarning hunarmandchilik anʼanalari, hudud imkoniyatlarini inobatga olib, charm-poyabzal, chinni, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va boshqa turdagi korxonalar tashkil etish mumkin, - dedi prezident.
Shuningdek Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurib u yerda investitsiyalar jalb oʻtish boʻyicha loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Xususan, Margʻilon va Qoʻqon shaharlariga kelayotgan 3 yilda xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 354 million dollarlik imtiyozli kreditlari yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Bu mablagʻ uchta yoʻnalishda – sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilma obʼyektlarini modernizatsiya qilish hamda koʻp qavatli uy-joylar qurish sohalarida oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.