"Markaz – 2019" strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari ochilish marosimidan video

Obuna bo‘lish
Orenburgda bo‘lib o‘tayotgan "Markaz – 2019" o‘quv-mashg‘ulotlarida Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Qirg‘izistondan harbiy jamoalar ishtirok etmoqda.

Kecha, 15-sentabr kuni Rossiyaning Orenburgda viloyatida joylashgan “Donguz” poligonida “Markaz – 2019” harbiy strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi. 

Unda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-leytenant Yunus-Bek Yevkurov, Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari va o‘quv mashqlarida ishtirok etayotgan xorijiy harbiy kontingent vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“O‘quv mashqlarining asosiy maqsadlaridan biri – harbiy hamkorlikni yanada kuchaytirishdir. Shuningdek, har qanday tahdidlarga, shu jumladan, xalqaro terrorizmga qarshi turishga tayyor ekanligimizni yana bir bor namoyish etish. Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifadir. Shubhasiz, ushbu o‘quv mashqlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi”, – dedi general-leytenant Yunus-Bek Yevkurov.

Shundan so‘ng xorijiy harbiy kontingentlar rahbarlari so‘zga chiqishdi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Habibullo Abbasov o‘z nutqida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbariyati nomidan bunday samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu tadbirning muhimligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tantanali tabrik qismi tugagach, ketma-ketlik bilan Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari, so‘ngra Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Pokiston harbiylari tribuna oldidan tantanali marsh bilan o‘tishdi.

Yangiliklar lentasi
0