TOSHKENT, 9 okt – Sputnik. “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.
Loyihada Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilmasida davlat-xususiy sheriklik asosida Organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan agroklaster (Organik agroklaster) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berish belgilangan.
Hujjatda yozilishicha, organik agroklasterning asosiy vazifalari:
- qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini organik usulda yetishtirishni tashkil etish;
- organik sifatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;
- organik mahsulotlarni ishlab chiqishda ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish;
- organik mahsulotlar ishlab chiqarish (yetishtirish, saqlash, qayta ishlash)da yer maydonlari suv resurslarida oqilona foydalanishda avtomatlashtirilgan va intellektual texnologiyalarni keng qoʻllash;
- organik mahsulotlar uchun samarali texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha meʼyoriy va uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish va ommalashtirish;
- organik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va ilgʻor texnika va texnologiyalardan samarali foydalanish yoʻnalishida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
- qishlok xoʻjaligining resurstejamkor xorijiy texnika va texnologiyalarni keltirish, dala tajribalari va laboratoriya sinovlari oʻtkazish hamda uning ijobiy natijalarini keng joriy etishga tavsiya etish;
- anaʼnaviy, noanaʼnaviy ekin turlarini va ularni qayta ishlangan mahsulotlarini oʻrganish, ularni yetishtirishni va qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish.
“2020-2021 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida “Ogranik qishloq xoʻjaligi va organik mahsulot yetishtirish” boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tashkil etsin”, - deyilgan hujjatda.