TOSHKENT, 11 okt – Sputnik. Joriy yil 10 oktyabr kuni Oʻzbekiston Milliy gvardiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻriqlanayotgan Amudaryo ustidagi toifalangan “Qipchoq ponton koʻprigi”dan nomaʼlum sabablarga koʻra oʻzini suvga tashlagan ayolni qutqarishdi, deb xabar qildi Milliy gvardiya matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 2019 yil 10 oktyabr kuni soat 11:30 lar chamasida “Cobalt” rusumli avtomashinadan nomaʼlum ayol kishi koʻprik oldida tushib qolib, oʻzini daryoga tashlagan.
Koʻprik hududida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Qoʻriqlash xizmati xodimlari bu holatni koʻrib, zudlik bilan choʻkayotgan ayolni suvdan olib chiqqanlar.
Tez tibbiy yordam koʻrsatish xizmati hamda tuman IIB navbatchilik qismi voqea joyiga yetib kelguniga qadar Qoʻriqlash xizmati xodimlari tomonidan ayolga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan.