TOSHKENT, 11 okt – Sputnik. “Toshkent” xalqaro aeroportida quyma tilla boʻlaklarini ogʻziga solib, xorijga uchmoqchi boʻlgan fuqaro toʻxtatib qolindi. Bu haqda bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, bojxonachilar xorijga uchib ketish maqsadida “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan fuqaro M.A.ning xatti-harakatlarini tezkor kuzatuvga olishdi.
Shundan soʻng ushbu fuqaro zamonaviy skaner qurilmasi yordamida xolislar ishtirokida tekshiruvdan oʻtkazilganda uning qingʻir rejasi fosh etildi.
“Ushbu shaxs oʻz ogʻiz boʻshligʻiga umumiy vazni 213 grammni tashkil etuvchi 2 dona quyma tilla boʻlaklarini solib, xorijga uchib ketishni rejalashtirgan ekan.
Qonunbuzardan umumiy qiymati 70 million soʻmdan ortiqni tashkil etuvchi quyma tilla boʻlaklari ashyoviy dalil sifatida olindi”, - deyilgan xabarda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.