TOSHKENT, 25 okt – Sputnik. Prezidentning ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, chet ellardan xorijiy valyutadagi tushumning kelib tushishi muddatlarini kechiktirishga yoʻl qoʻygan eksportyorlar, shuningdek, tovarlarning respublikaga olib kirilishini va ularning “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirilishini, ishlar va xizmatlar koʻrsatishni belgilangan muddatlarda taʼminlamagan importyorlar tomonidan jarimalar toʻlashda ayrim imtiyozlar belgilandi.
Jumladan, valyuta mablagʻlarining kelib tushishi yoki respublikaga tovarlarni olib kirish hamda “erkin muomalaga chiqarish” rejimida rasmiylashtirish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish:
- agar jarimani qoʻllash masalasini koʻrib chiqish paytiga kelib taʼminlangan boʻlsa – jarima qoʻllanilmaydi;
- agar sudning jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorini ijro etish paytiga kelib taʼminlangan boʻlsa – qoʻllanilgan jarima toʻlanmaydi;
- agar jarima qoʻllanilgandan keyin 90 kunlik muddat ichida taʼminlangan boʻlsa – toʻlangan jarima Davlat byudjetidan qaytarib berilishi lozim.