TOSHKENT, 12 noya — Sputnik. Buxoroda YPX inspektorini namoyishkorona tahqirlagan haydovchi 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Viloyat IIV matbuot xizmati xabariga koʻra, 7 avgust kuni Buxoro shahrining “Markaziy bozor” chorrahasida YPX inspektori va qoidabuzar haydovchi oʻrtasida janjal sodir boʻlgan.
Janjalga inspektorning oʻsha kuni gavjum chorrahada yoʻl belgisiga amal qilmasdan harakatlangan “Neksiya” rusumli 80 R 703 NA davlat raqamli avtomashinani toʻxtatib, ushbu qoidabuzarlik uchun bayonnoma rasmiylashtirmoqchi boʻlgani sabab boʻlgan.
YPX xodimi haydovchi Mironshoh Yodgorovdan avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni talab qilib olgan. Shunda fuqaro xodimning qonuniy talabini bajarmasdan, oʻziga tegishli boʻlgan hujjatlarni tortib olib, avtomashinasini haydab ketib qolgan. Soʻngra oradan 5 daqiqa oʻtgach, haydovchi YPX inspektori oldiga qaytib kelgan. Kuch ishlatib, uni yoʻlning narigi tomoniga olib oʻtgan.

Janjal koʻtarib, xodimning koʻkrak nishoni, radioaloqa vositasi hamda jezel tayogʻini tortib olgan. Hatto egnidagi xizmat koʻylagini yirtib, faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.
Unga Oʻzbekiston JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va sud hukmi bilan 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.