TOSHKENT, 21 noya – Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi "Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash kontseptsiyasi toʻgʻrisida"gi prezident qarori loyihasini tayyorladi.
Hujjat loyihasiga Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash kontseptsiyasi hamda yoʻl xaritasi ilova qilingan.
Loyihada yozilishicha, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash siyosatining asosiy vazifalari:
- xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar tomonidan Oʻzbekistonning izchil rivojlanayotgan, zamonaviy demokratik huquqiy davlat sifatida yaxlit va ijobiy qabul qilinishini kuchaytirish;
- siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda davom etayotgan keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlarni davom ettirish, respublikaning investorlar va ishbilarmon sheriklar uchun jozibadorligini kuchaytirish, jahon miqyosida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlash, Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladigan muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun eng qulay sharoitlarni shakllantirish;
- xalqaro maydonda Oʻzbekistonning jozibali milliy brendini shakllantirish va mustahkamlash orqali mintaqaviy va global bozorlarda mahalliy tovarlar va xizmatlar eksportini ilgari surish;
- Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va uning jahon hamjamiyatida ijobiy qabul qilinishini kengaytirish orqali milliy suverenitet, barqarorlik va xavfsizlikni kuchaytirish.
- Oʻzbekistonni Osiyoning yetakchi ishbilarmonlik, madaniy va turizm markazlari safiga kiritish.
“Kontseptsiya va yoʻl xaritasining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Kontseptsiya va Yoʻl xaritasining bajarilishini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti va qonunchilik bilan taʼqiqlanmagan byudjetdan tashqari manbalar hisobidan amalga oshiriladi”, - deyilgan hujjatda.