TOSHKENT, 21 noya - Sputnik. Oʻzbekiston fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti va “Green biotech” MCHJ QK innovatsion kompaniyasi “Fosstim” va “Rizokom” deb nomlangan kuchli biooʻgʻit va biostimulyatorlarning yangi avlodini yaratdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar qilmoqda. Uni tajribaviy ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilda mazkur biooʻgʻitlar bugʻdoy ekinlarida sinovdan oʻtkazilib, kutilgandan ortiq ijobiy natijalar olindi: kimyoviy va mineral oʻgʻitlar sarfi qisqardi, tuproq va oʻsimliklarning fosforlanish, shoʻrlanish, metatoksin bilan ifloslanish darajasi pasaydi va shoʻrlangan yerlarning unumdorligi koʻtarildi hamda atrof-muhit holati yaxshilandi; sugʻorish suvining sarfi 30 foizga kamaydi va bunda qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligi 30-50 foiz koʻpaydi. Bularning barchasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportining oshirilishiga olib keldi.
Mazkur loyihani moliyalashtirish uchun 9,6 mlrd. soʻm investitsiya kiritilgan boʻlib, ishlanmadan kutilayotgan yillik daromad esa 7,5 mlrd. soʻmni tashkil qiladi.
Loyihani amalga oshirishning dastlabki bosqichida ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar oʻrnatildi. Buning uchun xorijiy investor 1,7 mlrd. soʻm hajmida investitsiya kiritdi va oyiga 1000 litr biooʻgʻit ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, mahsulotni tijoratlashtirish jarayoni boshlandi.
Taʼkidlanishicha, ekologik jihatdan xavfsiz boʻlgan biooʻgʻitlar oʻsimliklar kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kompleks kurashish xususiyatga ega boʻlib, dunyoda uning muqobili mavjud emas. Kimyoviy moddalar oʻrniga mikroorganizmlar va biologik texnologiyalar asosida yaratilgan biooʻgʻitlar qishloq xoʻjaligida pestitsidlardan foydalanishni bartaraf etadi, tuproq unumdorligini oshiradi, oʻsimliklar kasalliklari va zararkunadalariga qarshi kurashadi.