TOSHKENT, 23 noya - Sputnik. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida mudhish avariya oqibatida toʻrt kishi halok boʻldi, deb xabar qilmoqda Oʻzbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Avariya erta tong 03:00 larda "Toshkent-Termiz M-39 yoʻli"ning 977 kilometrida yuz bergan.
Yigirma ikki yoshli haydovchi boshqaruvidagi "Yepica" avtomobili Termiz yoʻnalishida oldinda harakatlanib ketayotgan 43 yoshli haydovchi boshqaruvida boʻlgan "Kamaz" yuk mashinasining orqa qismiga urilgan.
Oqibatda "Yepica" haydovchisi va yana uch nafar yoʻlovchi hodisa joyida vafot etishgan.
Yana bir yoʻlovchi turli tan jarohatlari bilan RSHTIYOM Jizzax filiali travmotologiya boʻlimiga yotqizilgan.
"Kamaz" haydovchisi jarohat olmagan.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 23 noyabr kuni Jizzax viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan (odamlar oʻlimiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.