TOSHKENT, 27 noya – Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonunining 15-moddasiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida qonun loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.
Hujjat Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan. Unga koʻra, 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 15-moddasining ikkinchi qismi chiqarib tashlash nazarda tutilgan.
Qonunning 15-moddasi (Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti) ikkinchi qismida “Maxsus unvon berilgan shaxslar belgilangan normalar boʻyicha bepul maxsus formali kiyim-bosh bilan taʼminlanadilar”, - deyilgan.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan haftada “Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarori loyihasi tayyorlangani haqida xabar bergandik.
Loyihada “2020 yil 1 iyuldan boshlab adliya organi va sud hokimiyati xodimlari, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari, shuningdek, davlat soliq xizmati maxsus unvonlarni (martaba darajalari) berish tartibi bekor qilinadi” deyilgan.