Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda

© SputnikPokrovskaya serkov v Samarkande
Pokrovskaya serkov v Samarkande - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Murakkab 90-chi yillardan keyin Samarqandda ruslar sezilarli darajada kamaydi, ammo shu kechayu-kunduzda shahardagi pravoslav cherkovlari nafaqat yopilmayapti, balki aksincha, qayta tiklanmoqda. Cherkovlarga hukumat yordam bermoqda. U yerga keluvchi ibodatchilar soni ham ko‘paygan.

Agar Markaziy Osiyo mamlakatlarida slavan aholisi vakillarining islom dinini qabul qilishi – bu barchaga ma’lum voqea bo‘lsa, aks jarayonlar esa noma’lumligicha qolayotgan fakt sanaladi. Sputnik O‘zbekiston pravoslav dinini qabul qilgan mahalliy fuqarolar haqida hikoya qiladi.

O‘zbekistonda nega rus tilini o‘rganishadi >>>

Samarqandda uchta pravoslav cherkovi faoliyat ko‘rsatadi – avliyo Aleksey cherkovi, Pokrov cherkovi va G‘alaba keltiruvchi Georgiy (Georgiy Pobedonoses) pravoslav ibodatxonasi. Shuningdek, Avliyo Nikolay (Nikolay Chudotvores) cherkovini qayta tiklash rejalashtirilgan. Hozircha u vokzal hududi yaqinida joylashgan bo‘sh turgan bino hisoblanadi.

Bosh pravoslav ibodatxonasi

Shahar qoq markazini "Rus Samarqandi", deb atashadi. Sababi, u Rossiya imperiyasi mustamlakasi davrida qurila boshlagan – arxitekturasida asosan XIX-XX asr boshlariga xos qurilishlar ko‘zga tashlanadi. Gohida o‘zingizni Osiyo yuragida emas, balki Patigorsk yoki Vladikavkazda yurgandek his qilishingiz mumkin - g‘ishtlar, me’moriy shakllar, qavatlar sonidagi o‘xshashlik, degandek. Bundan tashqari, markaziy ko‘cha hisoblanmish - barchaga mashhur "Bulvar" oxirrog‘idan avliyo Rus pravoslav cherkovining Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasiga tegishli Aleksey Moskovskiy pravoslav cherkovi gumbazlari yaqqol ko‘rinib turadi.

© SputnikParadnoe krilso v Alekseyevskiy sobor v Samarkande
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Paradnoe krilso v Alekseyevskiy sobor v Samarkande

Cherkovga kiraverishimizda, panjara tashqarisida, odatga ko‘ra qo‘lini cho‘zib o‘tirgan bir erkak va ayolga ko‘zimiz tushadi. Ularni rossiyalik birodarlaridan milliy rang-baranglik ajratib turadi – ayol egniga milliy matodan tikilgan xalat tashlab olgan, qo‘lida esa bir piyola choy.

Cherkovning ichi xuddi yangidek taassurot uyg‘otadi – Injil manzaralari aks ettirilgan yorqin sariq devorlar, qordek oppoq ustunlar, shift bir xil maydonlarga bo‘linib, har birida o‘ymakor naqshlar bilan bezatilgan. Hatto bo‘yoq hidi dimog‘imizga urilgandek tuyuladi. Bu yerda faqat plitkalar eski – polga uning tarixiy o‘ziga xosligi tufayli tegishga ruxsat berilmaganini sal keyin bildik.

© SputnikAltar Alekseyevskogo sobora v Samarkande
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Altar Alekseyevskogo sobora v Samarkande

Shanba kuni ekanligiga qaramay, ibodatchilar yo‘q. Bir tomonda sham do‘koni, boshqa tomonda - cherkov ichkarisida - mehrob joy olgan, to‘siq ortidan musiqa sadolari eshitilib turibdi – xonishchilar kechki xizmatga tayyorlanishmoqda.

"Bizning cherkov 1912-yil podshoh Nikolay II davrida kazak polklari uchun qurilgan. Aytishlaricha, podshoh cherkov ochilishiga kelishi kerak bo‘lgan, lekin kela olmagan, keyin Birinchi Jahon urushi va so‘ngra inqilob yuz bergan. Cherkov ko‘p musibatlarni boshdan kechirgan – ibodatxonalar ta’qibga olingan, gumbazlar va xochlar vayron qilingan, cherkov goh harbiy qism uchun raqs zali, goh klub, goh ombor vazifasini o‘tagan. 1992 bino muzey balansiga o‘tkazilgan va ta’mirlash ishlari boshlangan, to‘rt yil o‘tgach Moskva va butun Rossiya Ruhoniysi Aleksey II cherkovga kelib, uni ilohiylashtirgan. Shu paytdan u ishga tushgan. Cherkovimizga Vladimir Putin va Islom Karimov, Shoygu hamda Moskva va butun Rossiya Patriarxi Kirill singari oliy darajadagi mehmonlar ham tashrif buyurganlar", – deya cherkov tarixiga qisqacha to‘xtaladi sham do‘konida turgan, o‘zini Yelizaveta deb tanishtirgan ayol.

© SputnikPrixojanka Pokrovskoy serkvi v Samarkande Nina
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Prixojanka Pokrovskoy serkvi v Samarkande Nina

Ma’lum bo‘lishicha, Yekaterina ismi ayolga u xristian diniga kirganida berilgan.

"Ota-onam musulmon, men pravoslav dinidaman. Bir marta bu yerga kelib, yoqtirib qolganman, so‘ng suhbatdan o‘tdim va cho‘qintirildim", - deydi Yelizaveta va kundalik hayotda hamma uni Liza, deb chaqirishlarini qo‘shimcha qiladi.

E’tiqod evaziga sigir

Endi avliyo Aleksey cherkovida u nafaqat ibodatlarda qatnashadi, balki o‘zi ham ishlaydi.

"Men egallab turgan lavozim rasman - ehson yig‘uvchi, deb ataladi. Ammo bu faqat qog‘ozda, xolos. Amalda esa hamma ishni bajaraman – shamchiroqlarni tozalayman, ovqat pishiraman, pollarni yuvaman. Bu yerda faqat uch kishi rasman mehnat qilamiz – men, hisobchi va ruhoniy. Keluvchilar kam, ba’zan 50, ba’zida 100 kishi kelishi mumkin. Lekin katta bayramlarda, yoxud biror bir muqaddas narsani olib kelishsa, cherkovga 400 tagacha odam keladi. Rossiyadagi cherkovlarning homiylari bor, bizda esa yo‘q – Samarqandda ruslar juda oz. Shu uchun bor umidimiz hukumatdan, xayr-ehsondan emas ", - deydi Luiza-Yelizaveta.

© SputnikMemorialnaya doska na Alekseyevskom sobore v Samarkande
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Memorialnaya doska na Alekseyevskom sobore v Samarkande

Shu bilan birga, ayolning so‘zlariga ko‘ra, Aleksey cherkoviga oxirgi vaqtlarda mahalliy aholi – o‘zbeklar va tojiklar ko‘p keladigan bo‘lgan. Oldinlari musulmonlar cherkovga kelgach, shamni qayerga qo‘yishni so‘rashgan va ikona oldida jim turib, o‘zlari uchun nimadir so‘rashgan. Ammo bu dinga e’tiqod qo‘yib, uni qabul qilayotganlar ham topilmoqda.

RSNK v Tashkente na otkritii klassov russkogo yazika v Uzbekistane - Sputnik O‘zbekiston
Moskvada pravoslav cherkovi migrantlar bolalari uchun maktab ochdi

Bu so‘zlarning tasdig‘i sifatida Luiza polni yuvayotgan ayolga ishora qiladi: "Mana, Galina bilan suhbatlashing. Ayol qishloqda o‘sgan, keyin Rossiyaga ketgan, u yerda cherkovda ishlagan, so‘ngra cho‘qingan, uning turmush o‘rtog‘i ham nasroniylikni qabul qilgan. Bugungi kunda u kabi musulmonlar juda ko‘p".

"Ha, men o‘zbekman, - deydi ayol. U rus tilida kuchli aksentda gapiradi. - 1999-yil tushimda boshim uzra katta oltin xoch va soqollari oppoq mo‘ysafid turganini ko‘rganman. U menga: "Mening e’tiqodimni qabul qilishni istaysanmi? Unda Rossiyaga bilet olib, juda uzoqqa yo‘l ol", degan. "Men unga pulim yo‘qligini aytib, ishontirishga harakat qildim, ota-onam qishloqda yashardi, nochor edi. Lekin u shu qadar o‘z gapida turib olgandi-ki, beixtiyor uyg‘onib ketdim. Ko‘zlarimni yumishim bilan yana xoch va mo‘safid cholni  - Xudo-Otani ko‘rdim, u menga ota-onam sigirni sotishi kerakligini, shunda yo‘l kira uchun pul yetarli bo‘lishini aytdi".

© SputnikSlujitelnitsa Alekseyevskogo sobora Galina rasskazivayet, kak ona prishla k pravoslaviyu
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Slujitelnitsa Alekseyevskogo sobora Galina rasskazivayet, kak ona prishla k pravoslaviyu

Ertalab ayol qishloqqa, ota-onasinikiga yo‘l oladi va ularga ko‘rgan tushi - ulkan fotosuratlar -  bolali ayol, oppoq soqolli mo‘ysafid haqida gapirib beradi (Galina bunga qadar hech qachon ikonalarni ko‘rmagan edi), u Xudoning uyini ko‘rishni juda-juda xohlashini aytadi va ota-onasi sigirni sotishga rozi bo‘lishadi. Shu tariqa Galina Saratov viloyati, Engels shaxridagi Svato-Troiskiy cherkoviga kelib o‘z xizmatlarini taklif qiladi.

"Cherkov bosh ruhoniysi Vasiliy-ota meni ko‘rishi bilan: "Seni qabul qilmayman, sen musulmonsan", dedi. G‘azab bilan: "Sen kimsan-ki, meni ishga olmaysan. Bu yerda Ota-Xudo bor, men uning dargohida ishlayman", dedim. U mening qistovimdan ajablanib, rozi bo‘ldi. Keyin cho‘qinishni taklif etdi. Galina deb ism qo‘ydi - axir ismim Guliston edi-da. Keyin qarindoshlaring bilib qolib, urishsa nima qilasan, deb so‘radi. Ulardan kechaman, dedim", deb hikoya qiladi Guliston-Galina.

Oqibatda hammasi aksincha bo‘ldi, ayol 12-yildan so‘ng uyiga qaytib kelganida, qarindoshlari undan voz kechishdi. Lekin musulmon eri esa uning ortidan nasroniylikni qabul qildi, shunday qilib ular ikkalovi Samarqandda yashashmoqda.

Yoqib yuborilgan mulla nevarasi – pravoslav Galina

Inqilobdan oldin zamonaviy O‘zbekiston hududida qariyb 15ga yaqin pravoslav cherkovlari faoliyat ko‘rsatgan, ammo sovet davrida ular yo‘q qilingan yoki xo‘jalik ehtiyojlari uchun boshqa maqsadlarda foydalanilgan. Ochilganidan buyon umuman yopilmagan yagona cherkov – 1903-yil qurilgan "Pokrov Bojyey Materi" cherkovi bo‘ladi. Biz u tomon yo‘l oldik.

© SputnikPokrovskaya serkov v Samarkande
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Pokrovskaya serkov v Samarkande

Cherkovga yaqinlashar ekanmiz, yo‘limizda keksa bir ayolni uchratdik, u bizning Moskvadan kelganimizni eshitib, xursand bo‘lib ketdi, darhol choyga taklif qildi. Rad etishga majbur bo‘ldik. Yo‘l-yo‘lakay o‘zi xaqida gapirib berdi.

Patriarx Kirill: rad voochiyu uvidet poslednie dostijeniya Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
Patriarx Kirill: Moskva mehnat migrantlariga muhtoj

"1966 yilda qardosh O‘zbekiston poytaxti Toshkentni zilziladan keyin qayta tiklashda yordam berish uchun Ukrainadan kelganman.  Ishlarimizni tugatganimizda, bizga qolishni taklif qilishdi, istagan shaharni tanlashimiz mumkinligini aytishdi. Shunday qilib, men Samarqandga keldim. 1971-yildan beri men shu cherkovga qatnayman. Musulmonlar ham shu yerga qatnaydilar. Ehtimol, ularning qalbi shu dinni yaqin olgandir, bu yerda ulardan hech narsa talab qilishmaydi. Ko‘plar Turkiya yoki Amirliklarga ketishdan oldin kelib, ehson qoldiradi, sham yoqishadi, safar oldidan Xudoga iltijo qiladilar", deydi ayol va o‘zini Nina xola deb atashimizni so‘raydi.

Cherkov unchalik katta emas, avliyo Aleksey cherkovi bilan solishtirganda, uvoqqinadek tuyuladi, lekin shunisi bilan ham fayzli, ko‘p ibodat qilingan bu yerda, devorlarida XVII-XVIII asrga oid ikonalar juda ko‘p. Hatto pollari ham yog‘ochdan.

© SputnikStarinnie ikoni v Pokrovskoy serkvi Samarkanda - yedinstvennoy ne zakrivavsheysya v sovetskie godi
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Starinnie ikoni v Pokrovskoy serkvi Samarkanda - yedinstvennoy ne zakrivavsheysya v sovetskie godi

"Cherkovimizning qurilishi uchun podshoh Nikolay II 1500 rubl ehson qilgan ekan – buni tasdiqlovchi hujjatlar bor, - deydi Nina momoning hikoyasini davom ettirib Pokrovskaya cherkovi xizmatchisi Galina. - Inqilobgacha bu yerda yakshanba kungi maktab ham bo‘lgan, u hozir ham yakshanba maktabi sifatida ishlaydi, podvalida esa sovet davrida yo‘q qilingan cherkovlardan omon qolgan ikonalar saqlanadi. Ularning bir qismini avliyo Aleksey cherkoviga topshirganmiz".

Bu cherkovdagi Galina ham Luiza-Yelizaveta singari sham do‘konini boshqaradi va yo‘l-yo‘lakay boshqa ko‘plab ishlarni bajaradi. Pokrovskiy cherkoviga asosan keluvchilar soni 200 lar atrofida, lekin katta bayramlarda – Pasxa va Rojdestvo bayramlari, yoki biror avliyo murdasi olib kelinganida ko‘prok odam yig‘iladi, oddiy xizmat kunlarida odatda 50 kishidan oshmaydi.

Galinaning o‘zi ham sobiq musulmonlardan.

© SputnikAltar Pokrovskoy serkvi v Samarkande
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Altar Pokrovskoy serkvi v Samarkande

"Onam rus, otam Sharq odami, bobom mulla bo‘lgan – uni 1920-yillar o‘rtalarida quloq qilishib, kaltaklashib, chalajon ahvolida farzandlari ko‘z o‘ngida yoqib yuborishgan. Oilani parokanda qilib, yosh bolalarni qishloq bo‘ylab tarqatib yuborishgan. Otam bularning barini yaxshi eslardi, u kishi mo‘min-musulmon edilar. Otam meni jajjiligimda masjidga olib kelganlar va mulla menga Musharraf, deya ism qo‘ygan. Men bolaligimdan Qur’on o‘qiganman, lekin ko‘nglim boshqa duolarni so‘rardi. Shunday qilib, 51 yoshimda, ikki yoshli nabiram bilan birgalikda pravoslav dinini qabul qildim. Shundan keyin barcha duolarni darhol eslab qoladigan bo‘ldim".

Xudo yagona, faqat uning ismlari va tillari juda ko‘p

Musharraf-Galinaning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda faqatgina nasroniylar uchun duo qilishmaydi. Pokrovskaya cherkoviga muntazam qatnaydigan ibodatchilarning aksariyatining oilasida musulmonlar bor. 

"Cherkovimizda cho‘qinmagan inson uchun duo qilishdan tashqari, yozuvga buyurtma berish ham mumkin.  Ko‘rapsizmi - ular ko‘k rangda. Haftada bir marta ruhoniy ular uchun ibodat qiladi, duo o‘qiydi. "Meni qancha amakivachchalarim borligi  bilasizmi? Ularning barchasi musulmon, lekin ular uchun ham ibodat qilishim kerak. Yakshanba kunlari, biz pravoslavlar, barcha yaqin musulmonlarimizni eslaymiz", deydi Galina.

© SputnikSvashennoe pisanie i pravoslavniy krest na kafedre v xrame Samarkanda
Sharq qalbidan joy olgan pravoslav dini: musulmonlar nega cherkovlarga kelmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Svashennoe pisanie i pravoslavniy krest na kafedre v xrame Samarkanda

Galinaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pincha bir dindan ikkinchisiga o‘tish ayollardan boshlanadi. Gap shundaki, pravoslav cherkovlarida ular o‘zlarini masjidlardagidan ko‘ra erkinroq his qiladilar, hatto nasroniylik dinini qabul vilmagan taqdirda ham ular bu yerga kelishlari, ikonalar qarshisida turib, eri va farzandlari uchun ibodatda bo‘lishlari mumkin.

Pasxalnoe bogoslujenie v xrame Xrista Spasitelya - Sputnik O‘zbekiston
Pasxa - pravoslav nasroniylarining eng ulug‘ bayrami

"Men bu yerda shunday voqealarga guvoh bo‘lganman-ki, avval boshda musulmon qizlar kelishadi-da, ikonalar oldida turib, ibodat qilishadi, Xudodan juft so‘rashadi. Keyin erlari bilan kelib, farzand so‘rashadi. Qarabsizki, nasroniylikni qabul qilib, cherkovda nikohdan o‘tadilar va farzandlarini cho‘qintiradilar. Kimdir musulmonligicha qoladi, lekin dam olish kunlari yoki biror katta bayramlarda masjidga emas, aynan shu yerga keladilar", deydi Musharraf-Galina.

"Men Xudo bitta, deb o‘ylayman, faqat uning ismlari va tillari juda ko‘p, lekin u hammani tushunadi. Gap sen nimadan kuch va najot topishingda, o‘z ruhingni qay tarzda qutqarishni xohlashingda. Har kim o‘zicha taskin topadi", - deydi Musharraf-Galina o‘z hikoyasi yakunida.

O‘zbekiston - nafaqat Sharq, balki butun dunyodagi eng bag‘rikeng va multimadaniyatga ega davlatlardan biridir. Bu yerda barcha konfessiya vakillari tinch-totuv hayot kechiradilar. Musulmonlar, pravoslavlar, yahudiy yoki budda dinidagi kishilar kundalik hayotda bir-birlarinikiga mehmonga boradilar, ba’zan bayramlarni ham birgalikda nishonlaydilar. Bu rang-baranglik va birlik ayniqsa ko‘hna Samarqandda yaqqol ko‘zga tashlanadi, cherkovlarning oltin rang gumbazlaridagi pravoslav xochlari masjidlarning xushbichim minoralari va osmon singari moviy gumbazlarini hamohang to‘ldirib turadi.

Yangiliklar lentasi
0