TOSHKENT, 12 dek – Sputnik. Bugun, 12-dekabr kuni Andijon viloyatida "Paytugʻ" temir yoʻl stantsiyasida ikki dona boʻsh vagon temir yoʻl izidan chiqib ketdi.
Sodir boʻlgan holat yuzasidan IIV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 12 dekabr kuni soat 07:30 larda Qozogʻiston Respublikasidan 13 ta yarim ochiq vagonlarda MCHJlardan birining nomiga koʻmir mahsulotlari keltirib tushirilgan.
Hodisa koʻmir tushirib boʻlingach, vagonlar gʻildiraklari ostiga temir yoʻl bashmaklarining mahkamlanmaganligi sababli yuzaga kelgan.
Natijada boʻsh vagonlar pastga harakatlanib borib, 63080675-sonli yarim ochiq boʻsh vagon temir yoʻlning chap tomonidagi ariqqa tushib ketgan. 60745015-sonli vagonning old gʻildiraklari esa temir yoʻl izidan chiqib ketgan.
Xabarda aytilishicha, hodisa natijasida tan jarohati olganlar yoʻq. Ayni damda holat yuzasidan qoʻshimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.