TOSHKENT, 12 dek – Sputnik. Toshkentda kollej direktori oʻrinbosari talabadan 400 dollarni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan. Bu haqda Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Sputnik muxbiriga maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir jarayonida Radiotexnika va Avtomatika kasb-hunar kolleji direktori oʻrinbosari M.T. fuqaro R.M.ning oʻqishini ushbu kollejning 3-bosqichiga (yuqori tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali) qayta tiklab berishi, shu bilan birga unga kollejni bitirganligi toʻgʻrisidagi diplomni olishida yordam berishini aytgan.
“Xizmati” evaziga esa talabadan 400 dollarni firibgarlik yoʻli bilan talab qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan M.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.